O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqi xorijlik olimlar va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zA maxsus muxbirlari anjuman ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Yul Yanssens, Luven katolik universiteti professori (Belgiya):

– Prezident Islom Karimov konferensiyaning ochilish marosimida ilmiy faoliyatimga yuksak baho berganidan nihoyatda to‘lqinlanib ketdim. Tarixni, bugungi kunni va kelajakni yaxshi biladigan, ilm-ma’rifatni qadrlaydigan inson bunday samimiy fikrlarni aytadi. Bu fikrlar men uchun katta sharaf, ayni paytda yuksak mas’uliyat.

Evropada Sharq sivilizatsiyasi, xususan, Movarounnahr tarixini juda qadrlashadi. Men ushbu hududning tarixiy rivoji, buyuk allomalari ilmiy merosini o‘rganishga butun hayotimni bag‘ishlaganman.

Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk olimlarning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Ular yaratgan kashfiyotlar, qomusiy asarlar va ilmiy ishlar butun jahon ahlining boyligiga aylangan. Masalan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari asrlar davomida butun Yevropa shifokorlari uchun asosiy qo‘llanma bo‘lib kelgan. Shveytsariyalik mashhur tibbiyot tarixchisi Arnold Klebs bu asarni barcha davrlarning eng muhim va dolzarb intellektual fenomeni, deb ta’riflagan.

Men Ibn Sinoning tibbiyot, biologiya, mineralogiya, geologiya va falsafa sohalaridagi tadqiqotlarini yuksak qadrlayman. Ularni o‘rganish asosida “Ibn Sino va uning arab va lotin dunyosiga ta’siri”, “Abu Ali ibn Sino va uning merosi” kabi kitoblar yozganman. Allomaning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi va shunday buyuk daholarni yetishtirgan zamin oldida ta’zim qilaman. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning ajdodlaringizning ilmiy-ma’naviy merosini asrash, kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi buyuk xizmatlaridan ko‘pchilik o‘rnak olsa arziydi. Buning uchun Prezident Janobi Oliylariga cheksiz minnatdorlik bildiraman.

Pak Chun-BE, Inxa universiteti prezidenti (Janubiy Koreya):

– Samarqand qadimdan jahon ilm-fani markazlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda kamol topgan olimu mutafakkirlar bugungi avlodlarning faxru iftixoriga aylangan.

Prezident Islom Karimov konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqida yoshlarga murojaat qilib, ularni buyuk ajdodlari bilan faxrlanishga, g‘ururlanishga chaqirib, ayni vaqtda bobokalonlarining bebaho merosini yanada boyitishga munosib hissa qo‘shish kerakligini ta’kidladi.

Bu juda to‘g‘ri talab, ezgu maqsad. Buyuk insonlarga munosib bo‘lishga, ular boshlagan ishlarni rivojlantirishga intilish yoshlarni kamolotga yetaklaydi.

O‘zbekistonda buning uchun barcha sharoit bor. Maktabgacha va maktab ta’limi, o‘rta maxsus va oliy ta’lim bo‘g‘inini qamrab olgan uzluksiz ta’lim tizimi, shuningdek, oliy ta’limdan keyingi dissertatsiya bosqichlari xalqaro me’yorlarga mos holda tashkil etilgan. Bu Prezident Islom Karimovning yoshlarning har tomonlama komil insonlar bo‘lib yetishishi uchun qaratayotgan ulkan e’tibori va g‘amxo‘rligining amaldagi ifodasidir.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalar qatori ta’lim tizimida ham izchil taraqqiy etayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. Davlatingiz rahbarining 2014-yil 24-martdagi qaroriga muvofiq Toshkent shahrida tashkil qilinayotgan Inxa universiteti ana shu hamkorlikning yaqqol namunasidir. Ushbu universitet O‘zbekiston bilan fan-ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Parviz Morvij, Nyu-York davlat universiteti professori, “Global ilmiy nashrlar” markazi direktori (AQSh):

– Mustaqillik yillarida O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari bois mamlakatingizning jahondagi obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda.

O‘zbek xalqi boy tarix, yuksak madaniyat, buyuk ma’naviyat vorislaridir. Bu muqaddas zaminda voyaga yetgan buyuk allomalar, olimu fuzalolar jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Mamlakatingiz mustaqilligi sharofati bilan xorijda buyuk ajdodlaringizning boy ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.

Prezident Islom Karimov tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shaharu qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi har qadamda ko‘zga tashlanib turibdi. Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, muhtasham bino va inshootlar yurtingiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Xalqaro konferensiya ishtirokchilari to‘plangan Samarqanddagi Qabullar uyi shunday go‘zal va mahobatli majmualardan biri bo‘libdi. Bu saroyning ko‘rku salobati, landshaft dizayni hammada hayrat va havas uyg‘otdi.

Li Szinsyu xonim, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Tarix institutining Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori, professor:

– Men Markaziy Osiyoning tarixini ko‘p o‘qib, o‘rganganman. O‘zbekiston azaldan mintaqadagi muhim mamlakat bo‘lib kelgan. Qadimda vatandoshlaringiz Xitoyga borib, u yerda san’at va madaniyat, savdo-sotiq va tibbiyot kabi ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan.

Bu anjuman o‘rta asrlar Sharq allomalarining dunyo ilm-fani ravnaqiga qo‘shgan bemisl hissasi haqida fikr almashish, ajdodlaringizning ilmiy faoliyatini tahlil etish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.

Bu haqda gap ketganda, avvalo Amir Temurni eslayman. Sohibqironning kuch-qudrati, saltanati dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Uning «Kuch – adolatda» degan mashhur so‘zlari insonlarni to‘g‘rilik, halollik va yuksak ma’naviyat bilan yashashga undab kelmoqda.

O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, millatlararo tenglik va totuvlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar zamirida ana shunday maqsad mujassam.

Saloh Sulton, Osiyo musulmonlari qo‘mitasi kotibi (Kuvayt):

– Sharqning buyuk allomasi, qomusiy mutafakkir Abu Rayhon Beruniy insonlar hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho ilmiy meros qoldirgan. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida ta’lim-tarbiya, bilim va mehnatga oid chuqur ma’noli fikrlar mujassam. Amerikalik tarixchi olim Sarton XI asrni «Beruniy asri» deb ta’riflaydi. Bunday yuksak va haqli baho avvalo qomusiy tafakkur sohibi bo‘lgan buyuk allomaning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan izohlanadi.

Qadim va navqiron Samarqand shahrida xalqaro konferensiya yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlamoqchiman. Prezident Islom Karimov nutqi konferensiya ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Unda o‘rta asrlar Sharq allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, ayni paytda O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor aniq misollar asosida ta’sirchan bayon qilindi. O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni hayotga tatbiq etish borasida yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar e’tiborga molik.

Manba: O`zA